Sayyoralar paradi bu noyob astronomik hodisalardan biri bo‘lib, Quyosh tizimidagi bunda 2 va undan ortiq sayyoralar xususiy orbitalarida bir to‘g‘ri chiziqqa yoki bir biriga juda yaqin burchak masofada joylashishiga aytiladi. Sayyoralar paradi 2 guruhga bo‘linadi. 1-guruh kichik sayyoralar paradi deb ataladi va unda 4 tagacha sayyoralar qatnashadi. 1-guruh sayyoralar paradida Quyosh tizimidagi Merkuriy, Venera, Yer va Mars kabi sayyoralari qatnashadi. Ushbu sayyoralarning Quyosh atirofida aylanish davri Yer yilidan kichik bo‘lganligi uchun 1-guruh sayyoralar paradi bir yilda bir marta kuzatilishi mumkin.
2-guruh esa katta sayyoralar paradi deb ataladi. Bunda 5 tadan ortiq sayyoralar bir biriga juda yaqin burchak masofaga kelishadi. Ushbu hodisa 18-20 yilda bir marta sodir bo‘ladi.
Sayyoralar paradida sayyoralar yaqinligi bo’yicha aniq mezon yo’q, ya’ni ular orasidagi ko’rinma burchak bo’yicha aniq chegara mavjud emas. Shunga qaramay paradda bir nechta sayyora deyarli bir yoyda (yoki to’g’ri chiziqda) hamda bir biriga yaqin ko’rinish kasb etishi kerak bo’ladi.
2022-yilning iyun oyida kichik sayyoralar paradi sodir bo‘lgan edi. Bu hodisada Quyosh tizimidagi beshta sayyora, ya’ni Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn sayyoralar ishtirok etgan. Bu sayyoralari Yerda turib kuzatilganda bir-biriga juda yaqin burchak masofada ko‘ringan edi. 24-iyun kuni sayyoralar paradiga Oy ham qo‘shilgan (1-rasm).
1-rasm. Sayyoralar paradining osmondagi ko‘rinishi (24.06.2022, 03:45).
Shu kunlarda internet nashrlarida turlicha sanalar ko’rsatilgan holda sayyoralar paradi shu kuni bo’ladi, mazmunidagi ma’lumotlar aylanib qoldi. Qaysidir nashrda 16-iyun, qaysi birida esa 17 yoki 18-iyun va hokazo. Xo’sh, aslida vaziyat qanday?
Sayyoralar paradi bu bir kunlik hodisa emas, balki bir necha muddat - oylar davomida kuzatish imkoni bo’ladigan noyob astronomik hodisa hisoblanadi. Shu kunlarda tarqalayotgan ma’lumotlardagi sayyoralar paradi aslida may oyining o’rtalarida boshlangan va iyun oxirlarigacha davom etadi. Bunda Quyosh ko‘tarilishidan avval Saturn, Yupiter hamda Merkuriy sayyoralarini ko’rish mumkin bo‘ladi. Saturn va Yupiter oralig‘ida Neptun, Yupiter hamda Merkuriy oralig‘ida esa Uran sayyoralari joylashadi. Biroq Uran va Neptunni teleskop yoki kuchli durbinlarsiz ko‘rish ancha mushul. Chunki ularning yorqinligi, odatda oddiy ko‘zga tashlanmaydigan darajada xira bo‘ladi.
2-rasm. Oy-Yupiter-Venera paradi (23.02.2023, 18:52)
Boshqa tomondan olib qaralganda sayyoralar oralaridagi burchak masofa anchagina keng bo‘ladi. Buni sayyoralar paradi deyish qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani baxsli. Shu o‘rinda yanvar-fevral oylarida kuzatilgan parad haqida eslasak. Ushbu paradni Quyosh botishidan boshlab kuzatish mumkin bo’lgan. Ayni vaqtda osmonda Mars sayyorasi ham bo’lib, biroq uning burchak masofasi kattaroq edi. Fevral oyining oxirlariga kelib Yupiter va Venera juftligi yaqqol namoyon bo’ldi va bu ijtimoiy tarmoqlarda ham katta qiziqishlarga sabab bo’ldi. Chunki osmonning kun botar tomonida bir-biriga juda yaqin joylashgan ikkita yorqin ob’yektni kuzatish imkoni bo’lgan edi. Ayniqsa, 23-fevral kuni Oy-Yupiter-Venera tizmasi juda chiroyli manzarani hosil qildi (2-rasm). Venera va Yupiter sayyoralari 2-mart kuni bir-biriga juda yaqin ko’rinma holatga keldi.
Iyun oyida bo‘ladigan, deb aytilayotgan parad sayyorlar butun osmon bo‘ylab tarqalgani hamda ularning atigi uchtasi ko‘zga tashlangani bois yil boshidagidek joziba kasb etmaydi (3-rasm).
3-rasm. Saturn-(Neptun)-Yupiter-(Uran)-Merkuriy-Oy paradi (17.06.2023, 04:00)
Keltirilgan ma’lumotlar asosida shuni aytish mumkinki, shu kunlarda sodir bo’ladigan sayyoralar paradida 3 ta sayyora hamda Oyning ishtirokiga guvoh bo’lish mumkin xolos.
Ushbu astronomik hodisani O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida Quyosh chiqishidan avval osmonning sharqiy tomonida ko‘rish mumkin.
Sayyoralar paradi kabi astronomik hodisaning ilm-fanda amaliy ahamiyati shundan iboratki, Quyosh tizimidagi sayyoralarni va ularning yo‘ldoshlarini tadqiq qilishda ularga kosmik apparatlar parvozi vaqtida sezilarli darajada salmoqli.
Sayyoralarni ilmiy tadqiq etishga mo‘ljallangan kosmik kemalar sayyoralar paradi davriga moslab uchiriladi. Chunki bitta kosmik kema parvoz orqali ketma-ket bir nechta sayyorani tadqiq etish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Voyager-1 va Voyager -2 kosmik kemalarining harakat traektoriyasi.
Shuningdek kosmik kema sayyoralarning yonidan o‘tayotganda uning gravitatsion kuchi yordamida manyovrlarni amalga oshirib, ortiqcha energiya sarflamasdan o‘z yonalishini o‘zgartirish va tezligini oshirishi mumkin. Bunda birinchidan yoqilg‘i sarfi kamayadi, ikkinchidan vaqt tejaladi va uchinchidan kosmik apparatning tadqiqot samaradorligi ortadi. Bunga yaqqol misol tariqasida Voyager-1, Voyager-2 va New Horizons kosmik kemalarini aytish mumkin.
NASA kosmik aganetligi 1964-yili Geri Flendro g‘oyasi asosida “Katta sayohat” loyihasi doirasida 1970-1980 yillar oralig’ida sodir bo’ladigan sayyoralar paradidan unumli foydalanib Yupiter, Saturn, Uran va Neptun sayyoralarini bitta kosmik kema orqali tadqiq etish rejalashtirgan edi. Insoniyatning tashqi sayyoralar haqidagi bilimlarining deyarli 80%, 1970-yillardagi sayyoralar paradi vaqtida uchirilgan Voyager-1 va Voyager-2 kosmik missiyalari hissasiga to’g’ri keladi.
Aksariyat hollarda ayrim insonlar sayyoralar paradi kabi astronomik hodisalar, osmon jismlarini inson taqdiri va kelajagiga bog‘liqligi haqida farazlarga tayanib bashoratchilik qilishga harakat qilishadi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, har qanday astronomik hodisalar, yoki osmon jismlari, jumladan ushbu sayyoralar paradi ham inson taqdiri va kelajagiga hech qanday bog‘liqligi ham ta’siri ham yo‘q. Bu shunchaki noyob astronomik hodisa xolos. Bu hodisani shunchaki kuzatish va undan zavq olish kerak.
|